December 15, 2025
KIUT JAMOASI TOMONIDAN EMPOWER LOYIHASI DOIRASIDA UCHRASHUV O‘TKAZILDI
KIUT jamoasi tomonidan Erasmus+ dasturining EMPOWER loyihasi doirasida navbatdagi amaliy uchrashuv tashkil etildi. Tadbir davomida professor Gafurova Dilshoda Empower minimodullarini o‘qiyotgan 36 nafar ishtirokchi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ishtirokchilarning LMS platformasida ta’lim olish jarayonida yuzaga kelgan savollari atroflicha muhokama qilinib, ularga aniq va tushunarli javoblar berildi. Shuningdek, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, topshiriqlarni bajarish va mikromodullarni muvaffaqiyatli yakunlash bo‘yicha qo‘shimcha amaliy maslahatlar taqdim etildi.
Tadbir davomida Empower loyihasining imkoniyatlari, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan minimodullar mazmuni hamda loyiha doirasida yaratilayotgan yangi bilim va ko‘nikmalar alohida ta’kidlandi. Uchrashuv ishtirokchilarda o‘qishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, loyiha doirasidagi faol ishtirokni rag‘batlantirdi.
Mazkur tadbir ayol talabalar va yosh mutaxassislarning bilimlarini mustahkamlash, raqamli ta’lim platformalaridan samarali foydalanish hamda tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirishga xizmat qildi.